O‘zbekistonda ilk bor UZEX biznes uchun xalqaro derivativlar bozorlarida ishtirok etish imkoniyatini yaratdi

2026-yil 17-sentabr kuni Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 27-fevraldagi 82-son “Narxlar o‘zgaruvchanligi davrida moliyaviy xatarlardan samarali himoyalanishni tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq “O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ (UZEX) hamda xalqaro investitsiya guruhi Phillip Capital (Singapur) tomonidan tashkil etilgan UZEX GLOBAL qo‘shma korxonasining rasmiy ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda davlat organlari, mahalliy birja va tijorat banklari, tartibga soluvchi tashkilotlar, yirik korxonalar va ishbilarmon doiralar vakillari, shuningdek, yetakchi xalqaro derivativ birjalari va moliyaviy institutlarning rahbarlari hamda ekspertlari ishtirok etdi.

2026-yil 17-sentabr kuni Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 27-fevraldagi 82-son “Narxlar o‘zgaruvchanligi davrida moliyaviy xatarlardan samarali himoyalanishni tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq “O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ (UZEX) hamda xalqaro investitsiya guruhi Phillip Capital (Singapur) tomonidan tashkil etilgan UZEX GLOBAL qo‘shma korxonasining rasmiy ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosimda davlat organlari, mahalliy birja va tijorat banklari, tartibga soluvchi tashkilotlar, yirik korxonalar va ishbilarmon doiralar vakillari, shuningdek, yetakchi xalqaro derivativ birjalari va moliyaviy institutlarning rahbarlari hamda ekspertlari ishtirok etdi.


Tadbirda tabrik so‘zlari bilan “O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ Boshqaruvi raisi Asadulla Qayumov, Phillip Capital Boshqaruvi raisi Lim Xua Min hamda O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi huzuridagi Raqobat siyosati va isteʼmolchilar huquqlari tadqiqotlari markazi direktori Olimjon Jumayev chiqish qildilar.

UZEX GLOBALning ishga tushirilishi munosabati bilan Chikago tovar birjasi (CME Group), Interkontinental birja (ICE), London metall birjasi (LME), Yaponiya birjasi (JPX), Singapur (SGX), Malayziya (Bursa Malaysia) va Indoneziya (ICDX, JFX) birjalari rahbarlari o‘z tabriklarini yo‘lladilar.

Xorijiy mehmonlar o‘z chiqishlarida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar va birja savdosining rivojlanishiga yuqori baho berib, mahalliy biznesining jahon birja bozorlariga chiqish va narxlar o‘zgaruvchanligi bilan bog‘liq xatarlarini boshqarishning zamonaviy vositalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish muhimligini taʼkidladilar.

Tadbir davomida taʼkidlanganidek, O‘zbekiston biznesi ilk bor xalqaro tovar fyucherslari savdolarida ishtirok etish mexanizmiga ega bo‘lmoqda.

Mazkur loyihani amalga oshirishga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida zamonaviy bozor infratuzilmasini rivojlantirish, xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish hamda mahalliy biznesning raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan iqtisodiy islohotlar zamin yaratdi.

UZEX GLOBALning asosiy vazifasi – mahalliy tadbirkorlar, jumladan, ishlab chiqaruvchilar, qayta ishlovchilar, eksportchilar va importchilarga yetakchi xalqaro tovar derivativlari bozorlariga chiqish hamda narx o‘zgaruvchanligi bilan bog‘liq xatarlarini boshqarishning tartibga solinadigan mexanizmidan foydalanish imkoniyatini taʼminlashdan iborat.

Phillip Capitalning xalqaro ekspertizasi va UZEXning tajribasi uyg‘unligi O‘zbekistonda zamonaviy birja yechimlari hamda ilg‘or xalqaro amaliyotlarni joriy etish uchun mustahkam asos yaratmoqda.

UZEX GLOBAL orqali mahalliy ishtirokchilar ilk bor CME Group, ICE, LME, JPX, SGX va boshqa yetakchi xalqaro birjalarda mis, bug‘doy, paxta, neft, oltin va boshqa tovarlarga asoslangan fyuchers shartnomalari bilan savdo qilish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

UZEX GLOBAL faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri narxlar o‘zgaruvchanligi bilan bog‘liq xatarlarni xedjirlash imkoniyatlarini rivojlantirishdan iborat. Bu korxonalarga tovarlar narxining o‘zgarishi bilan bog‘liq bunday xatarlarni samarali boshqarish va moliyaviy natijalarning barqarorligini taʼminlash imkonini beradi.

Bu esa uzoq muddatli rejalashtirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va tashqi iqtisodiy faoliyatni rivojlantirish uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratadi.

UZEX GLOBALning O‘zbekiston hududida faoliyat yuritishi mijozlarga professional maslahat xizmatlari va operatsion ko‘mak ko‘rsatish, mijoz mablag‘larini alohida saqlash, operatsiyalar shaffofligini taʼminlash hamda tavakkalchiliklarni boshqarishning belgilangan tartib-taomillariga qatʼiy rioya etish imkonini beradi.

Shu bilan birga, loyiha bozor ishtirokchilarining moliyaviy savodxonligini oshirish, shuningdek, mahalliy mutaxassislarning fyuchers savdolari, xedjirlash, kliring va tavakkalchiliklarni boshqarish sohalaridagi professional bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

UZEX GLOBALning tashkil etilishi O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi tomonidan zamonaviy birja savdosi instrumentlarini bosqichma-bosqich joriy etish va fyuchers savdosini rivojlantirish strategiyasini bir qismi hisoblanadi.

Loyihaning texnologik asosini Phillip Nova xalqaro savdo platformasining UZEX savdo-kliring infratuzilmasi bilan integratsiyasi tashkil etib, uning negizida UZEX GLOBAL tizimi ishlab chiqildi va sinovdan o‘tkazildi.

Tadbir doirasida O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi rahbariyati xalqaro derivativ birjalari vakillari bilan ikki tomonlama muzokaralari o‘tkazdi. Uchrashuvlarda tomonlar birjalar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish va zamonaviy birja savdosi mexanizmlarini rivojlantirish sohasida tajriba almashish istiqbollarini muhokama qildilar.

Uzoq muddatli istiqbolda O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi UZEX GLOBAL doirasida orttirilgan tajribadan foydalanib, fyuchers savdosi sohasida normativ-huquqiy bazani, texnologik infratuzilmani va kadrlar salohiyatini yanada takomillashtirishni ko‘zda tutmoqda.

UZEX GLOBALning ishga tushirilishi O‘zbekistonda birja savdosini rivojlantirishning yangi bosqichini boshlab, mahalliy tadbirkorlarning xalqaro tovar fyucherslari bozorlariga tizimli tarzda chiqish imkonini yaratadi. Loyihaning amalga oshirilishi mahalliy biznesning barqarorligini mustahkamlash, korxonalarning raqobatbardoshligini oshirish va Yangi O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvini yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladi.