O‘zbekistonda mahalliy tadbirkorlarning xalqaro tovar fyuchers savdolarida ishtirok etish tartibi tasdiqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining «Mahalliy tadbirkorlik subyektlarining xalqaro tovar derivativlari birjalari savdolarida ishtirok etishi ustidan nazoratni ta’minlash va ularning manfaatlarini himoya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 27-fevraldagi 82-son qarori ijrosi doirasida qabul qilindi. Mazkur hujjat 2026-yil 23-oktabrda Adliya vazirligida 3961-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Ushbu tartib mahalliy tadbirkorlarning xalqaro derivativ bozorlarida ishtirok etishi va tovarlar narxining o‘zgaruvchanligi bilan bog‘liq moliyaviy xatarlarni samarali boshqarishi uchun huquqiy asos yaratadi.
Nizomga muvofiq, tadbirkorlik subyektlari O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi huzuridagi «UZEX Global» MChJ — xalqaro birja vositachisi orqali Chikago tovar birjasi (CME), Intercontinental Exchange (ICE), London metall birjasi (LME) va boshqa xalqaro birjalarda mis, bug‘doy, paxta, neft, oltin hamda boshqa tovarlarga asoslangan fyuchers shartnomalari bilan savdo qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Hujjatda savdolarda ishtirok etish shartlari, xalqaro birja vositachisining majburiyatlari va davlat nazorati mexanizmlari belgilangan. Shuningdek, mijozlar mablag‘larini alohida hisobvaraqlarda yuritish hamda ko‘rsatiladigan xizmatlar haqida ochiq ma’lumot taqdim etish talablari nazarda tutilgan.
Savdolarda ishtirok etish ixtiyoriy bo‘lib, tadbirkorlar o‘z nomidan va o‘z hisobidan qatnashadi. Fyuchers savdolari uchun mablag‘larni milliy valyutada kiritish va qaytarish, shuningdek, valyutani ayirboshlash belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Mazkur tartib mamlakatimizda zamonaviy birja mexanizmlarini joriy etish, mahalliy tadbirkorlarga narxlar o‘zgaruvchanligi bilan bog‘liq moliyaviy xatarlarni boshqarish imkoniyatini yaratish, korxonalarning barqarorligi va raqobatbardoshligini oshirish, milliy birja infratuzilmasini rivojlantirish hamda O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvini chuqurlashtirishga xizmat qiladi.